O’zbekiston Respublikasida aholini ro’yxatga olish-2023

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori bilan respublikamizda aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023- yilda o‘tkazilishi belgilandi.

Aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.

Respublikamizda demografik jarayonlarning holatini o‘rganishda mamlakat hududida o‘tkazilgan aholi ro‘yxati ma’lumotlari muhim ahamiyat kasb etadi. Manbalarda keltirilishicha, O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxati 1897 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxat ma’lumotlari XIX asr oxirida O‘zbekistonda mavjud oilalar soni, aholi soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim kabi demografik jarayonlar haqida tassavvur hosil qilishga yordam bergan. O‘zbekiston hududida keyinchalik 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlari tashkil etilgan.